TOShKENT, 24 dek – Sputnik. Abu Rayhon Beruniy tomonidan yaratilgan, ammo bizgacha yetib kelmagan globus Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy asosda qayta tiklandi. Bu haqda markaz matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Beruniy 995-yilda Xorazmning yirik ilmiy-ma’rifiy markazlaridan biri bo‘lgan Kat shahrida yashagan davrida globus yaratgan. Ushbu ish nafaqat Sharq, balki butun jahon kartografiyasi tarixida ulkan ilmiy yutuq sifatida baholanadi. Chunki Beruniy yasagan globus nazariy tasavvur emas, balki aniq hisob-kitoblar, geodeziya va astronomiyaga oid ma’lumotlar asosida ishlab chiqilgan amaliy ilmiy asbob bo‘lgan.
Vosstanovlen globus Beruni, sozdanniy tisachu let nazad
© Sentr islamskoy sivilizatsii v Uzbekistane
Manbalarga ko‘ra, olim ilmiy an’analarni chuqur tahlil qilgan holda o‘z davri uchun mutlaqo yangi bo‘lgan — matematik geografiya tamoyillari asosida diametri taxminan 5 metrga yaqin globus yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Afsuski, ushbu noyob ilmiy asbob bizgacha yetib kelmagan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Yerning sharsimon ekanini bir necha bor ochiq va ravshan bayon qiladi hamda bu xulosani ilmiy dalillar bilan asoslab beradi.
Olim globus yaratish orqali aniq ilmiy maqsadni ko‘zlagan. Unda geografik obyektlarni joylashtirish, aholi maskanlari o‘rtasidagi masofalarni aniqlash, shu asosda geografik uzunlik va kengliklarni hisoblashni rejalashtirgan.