Elektr barqarorligi: Navoiy va Toshkent viloyatlarida energiya saqlash tizimlari quriladi

Farmonga ko‘ra, loyiha kompaniyalari tizimlarni yagona elektr tarmog‘iga ulash uchun elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni qurib, ularni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi.
Sputnik
TOShKENT, 19 dek – Sputnik. Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt (600 MVt·soat) va Toshkent viloyatida 150 MVt (300 MVt·soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihalari amalga oshiriladi. Ushbu chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi prezident farmonlari qabul qilindi.
Xususan, Navoiy viloyatidagi loyiha doirasida “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar” (BAA) kompaniyasi bilan investitsiya shartnomasi imzolandi. Qarorga ko‘ra, Investor o‘z huquq va majburiyatlaridan o‘zi tomonidan tashkil etiladigan Loyiha kompaniyasi foydasiga voz kechadi.
Elektr uzatish infratuzilmasiga oid mazkur xarajatlar elektr energiyasi tariflari tarkibida ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumanida “EAGLERISE DEVELOPMENT HK COMPANY LIMITED” (Xitoy) ishtirokida investitsiya loyihasi doirasida “Mega Energy Power TECH” MChJ loyiha kompaniyasi tashkil etildi.
Loyiha kompaniyalari elektr energiyasini saqlash tizimining kafolatlangan tayyor holatda foydalanishini ta’minlaydi, shuningdek, uni yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya qurib, ishga tushirilgandan so‘ng ularni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi.
BAA kompaniyalari O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlarini quradi