TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
2030 yilga borib poytaxt aholisi 3,5 milliondan oshishi, YaIM 52 milliard dollarga, jon boshiga daromad esa qariyb 2 barobarga ko‘payishi rejalashtirilgan.
2026 yil Toshkent uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili deb e’lon qilindi.
Poytaxt tumanlari 3 yo‘nalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard, ikki yilda 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish maqsadi qo‘yildi. Sergeli, Yangihayot va Bektemirda sanoat va logistika, boshqa tumanlarda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, IT, startap, moliya, tibbiyot va ta’lim ustuvor yo‘nalishlar bo‘ladi.
Shaharda maktab, bog‘cha va sport inshootlariga ehtiyojni qoplash, “Toshkent tajribasi” asosida iqtidorli o‘quvchilarni tayyorlash tizimini kengaytirish belgilandi. Transport tizimi sun’iy intellekt asosida yagona markaz orqali boshqariladi, “aqlli” chorrahalar, elektrobuslar, piyoda va veloyo‘laklar soni oshiriladi.
Ekologiyani yaxshilash maqsadida sun’iy ko‘llar, yashil bog‘lar, sayilgohlar, kanal va drenaj tizimlari quriladi. Yomg‘ir suvini yig‘ish va yashil hududlarni sug‘orishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Poytaxt boshqaruvida mahalliy budjet vakolatlari kengaytirilib, “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurligi ta’kidlandi. 2026-yildan “mahalla yettiligi” to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tib, aholi muammolarini hal qilishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi.