TOShKENT, 17 dek – Sputnik. MDHga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi Ishchi guruhining uchinchi yig‘ilishida O‘zbekiston tomoni adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashishning yagona elektron tizimini yaratish bo‘yicha texnik topshiriq loyihasini taqdim etdi. Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Unda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston Adliya vazirliklari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor idoralar vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida tizimni yaratish va joriy etish muddatlari, uning tuzilishi, axborot xavfsizligi talablari hamda kutilgan samaralar ko‘rib chiqildi. Texnik topshiriq loyihasi davlatlarga kelishish uchun yuboriladi.
Qayd etilishicha, mazkur elektron tizim MDH makonida adliya idoralari o‘rtasida transchegaraviy elektron hujjat aylanishini rivojlantirish va huquqiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.