AQShdagi Braun universitetida otishma: o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi

AQShning Providens shahridagi Braun universitetida sodir bo‘lgan otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, shundan biri O‘zbekiston fuqarosi ekani ma’lum qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 15 dek — Sputnik. AQShning Rod-Aylend shtati, Providens shahrida joylashgan Braun universiteti hududida sodir bo‘lgan otishma oqibatida O‘zbekiston fuqarosi — talaba MuhammadAziz Umurzoqov halok bo‘ldi. Bu haqda TIV matbuot kotibi Ahror Burxonov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
U marhum talaba oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQShning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha yaqindan ish olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQShning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Braun universiteti (Brown University)da imtihonlar davrida kampus hududida otishma sodir etilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 nafar shaxs halok bo‘lgan, 9 nafar kishi turli darajada jarohat olgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi shaxs auditoriyada o‘q otganidan so‘ng hodisa joyidan qochib ketgan. Keyinchalik AQSh huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli qidiruv operatsiyasi natijasida otishmada ishtirok etgan deb gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan. U avval AQSh armiyasida xizmat qilgan, 20-30 yoshlar atrofidagi erkak ekani ma’lum qilindi.
Avstraliyada yahudiylar bayrami paytida terakt sodir etildi — to‘liq tafsilotlar