Subsidiya, 800 ta paxta terish mashinasi: prezident agrar sohasidagi taqdimot bilan tanishdi

Fermerlar uchun “intizom — arzon kredit” tamoyili joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish, agrar sohada subsidiyalarni ajratishning yangi tizimi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda paxta va g‘alla yetishtirish, qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridi hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 29 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Subsidiyalar hajmi 2,35 trillion so‘mni tashkil etgan.
Kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlar uchun 34,2 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, qo‘shimcha 200 million dollar jalb etilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi aytildi.
2026 yilda agrotexnik tadbirlar, jumladan, plonka va egiluvchan quvurlar uchun 5 trillion so‘m ajratish taklif qilindi.
Fermerlar uchun “intizom — arzon kredit” tamoyili joriy etilishi rejalashtirilmoqda:
“A” reytingiga ega xo‘jaliklarga — 2 foizga past,
“B” toifasiga — 1 foizga past stavkalar qo‘llanadi.
Shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya ajratish taklif etildi.
Taqdimotda Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuklatilgan vazifalar ijrosi, subsidiyalarni boshqarishning yangi raqamlashtirilgan tizimi muhokama qilindi.
Hozirda qishloq xo‘jaligida 52 turdagi subsidiya mavjud. Yangilangan tizimda inson omili va burokratiya keskin kamayib, arizalar “Agroportal” orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Bu maqsadda “Agrosubsidiya” axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning ma’lumot bazalari integratsiya qilinadi.
2026 yilda ajratiladigan 1,3 trillion so‘mlik subsidiyalar proaktiv tarzda — fuqarolar ishtirokini talab qilmagan holda beriladi. Qolgan subsidiyalar ham hujjat yig‘ish va kelishuv bosqichlari kamaytirilgan holda soddalashtirilgan tartibda taqdim etiladi. Natijada to‘lovlar muddati ancha qisqaradi.
Prezident mutasaddilarga sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etiladi