Imtiyozli kreditlar, HAMROH dasturi: ayollar biznesiga 2 trln so‘m ajratiladi

Ayollar tadbirkorligi uchun imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlari kengaymoqda: o‘qitish, hamrohlik va kafolatlar bilan birga yirik kredit paketlari taqdim etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 4 dek – Sputnik. O‘zbekistonda 6 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu borada xotin-qizlarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (Markazlar) faoliyati kengaytiriladi.
Shu bilan birga, 2026–2027 yillarda "HAMROH" xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi" MChJ 2,8 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka o‘qitadi hamda 2 ming nafar xotin-qizning biznesini yo‘lga qo‘yishda hamrohlik asosida ko‘maklashadi.
Tuman va shaharlardagi Markazlar tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping va kasbga o‘qitish kabi faoliyatlar uchun ijaraga beriladi.
Farmonda, shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan “NAMRON” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida qo‘shimcha moliyaviy instrumentlar joriy etilishi belgilangan. Jumladan:
ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yoki rahbari ayol bo‘lgan kichik va o‘rta biznes subyektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutuvchi loyihalariga BHMning 25 ming baravarigacha, Markaziy bank stavkasiga 10 foiz punktgacha ustama bilan kredit ajratish;
tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan kafolat berish.
Dastur doirasida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga mablag‘larni Markaziy bankning asosiy stavkasida 3-yillik imtiyozli davr bilan 7-yil muddatga ajratadi.
Kompaniya esa ushbu mablag‘larni tijorat banklariga kreditlarni moliyalashtirish uchun Markaziy bank stavkasiga 4 foiz punktgacha ustama bilan, 3-yillik imtiyozli davr asosida, 7-yildan oshmagan muddatga joylashtiradi.
Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik xavfini kamaytirish uchun 250 mln dollar ajratildi