TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlarida terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlangan ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tadbirda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) ijroiya qo‘mitasi rahbari Ularbek Sharsheyev Afg‘oniston va Suriyada terrorchi guruhlar faollashayotganini ta’kidladi.
“Afg‘oniston va Suriya hududida harakat qilayotgan qurolli guruhlarning jangovar va terrorchilik faolligi kuchayib borayotgani xavotir uyg‘otmoqda”, — dedi Sharsheyev.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Afg‘onistonda joylashgan xalqaro terrorchilik guruhlari — “Islom davlati — Xuroson viloyati”, “Turkiston islom harakati”, “Sharqiy Turkiston islom harakati”, “Jamoat Ansorulloh”, “Islom jihodi ittifoqi” (barchasi Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan) — mintaqadagi eng jiddiy xavf manbai hisoblanadi.
“Xalqaro terrorchilik tashkilotlari rahbarlari terrorchilik hujumlarini amalga oshirish, uyqudagi yacheykalarni yaratish, moliyaviy mablag‘larni jalb qilish, saflarni yangi yollanma askarlar bilan to‘ldirish uchun yollash ishlarini olib borish uchun jangarilarni soxta hujjatlar bilan uchinchi davlatlar hududi orqali Markaziy Osiyo davlatlariga yuborish rejalaridan voz kechmadi”, — deya qo‘shimcha qildi ShHT MATT rahbari.
Konferensiyada BMTning aksilterror tuzilmalari, YeXHT, KXShT, MDH Aksilterror markazi va Interpol vakillari ham ishtirok etmoqda.