TOShKENT, 18 noya – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masato Kando bilan O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026-yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston prezidenti bo‘lajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu dasturda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori hamda xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.