Rossiya kompaniyalari bilan o‘zbekistonliklarni ishga joylashtirish muhokama qilindi

Rossiyadagi “Yevrakor” va “Provans” kompaniyalari bilan o‘zbekistonlik fuqarolarni ishga joylashtirish va ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni muhokama qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 noya – Sputnik. Rossiyadagi yirik ish beruvchilar – “Yevrakor” AJ va “Provans” MChJ rahbariyati bilan o‘zbekistonlik fuqarolarni tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvni O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi hamda ushbu shahardagi Migratsiya agentligi vakolatxonasi tashkil etdi.
Rossiyada neft-gaz, elektr energiyasi, sanoat va qurilish bo‘yicha 90 tadan ortiq loyihalarni amalga oshirib kelayotgan “Yevrakor” AJ vakili Olga Seves bilan uchrashuvda kompaniyadagi ish jarayonlari, yaratilgan qulayliklar, oylik maoshlar, xorijiy fuqarolar jalb qilingan taqdirda ular uchun yashash sharoitlari hamda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun talab qilinadigan hujjatlar to‘plami haqida fikr almashildi.
Shuningdek, Tumen shahrida salat va rukkola qayta ishlab chiqaradigan “Provans” MChJ direktori Tatyana Ovsankina bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatda bo‘sh ish o‘rinlari, yashash va mehnat sharoitlari, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonidagi mavjud muammo va kamchiliklar, hamda boshqa hamkorlik aloqalari xususida fikr almashib, ikki tomonlama bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
Rossiya va O‘zbekiston migrantlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustida ishlamoqda