TOShKENT, 13 noya — Sputnik. O‘zbekistonda endilikda mijoz tibbiyot muassasasiga rejali tibbiy yordam olish uchun yo‘llanmasiz, o‘z xohishi bilan murojaat qilsa, tibbiy xizmatlar belgilangan tartibda pulli asosda ko‘rsatiladi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, davlat tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan xizmatlardan tashqari barcha tibbiy xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pulli tartibda amalga oshiriladi. Mijoz tibbiyot muassasalarining ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi.
"Har bir mijozning tibbiy kartasiga uning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar asosida pulli xizmat ko‘rsatilishi belgilanadi. Mijozlar tibbiyot muassasasiga to‘lovni oldindan to‘liq to‘lash shartlarida qabul qilinadi".
Tibbiyot muassasalariga kelgan shaxslar tasdiqlangan narxnoma bo‘yicha haq to‘lagandan so‘ng maslahat olish uchun mutaxassis shifokorga va (yoki) instrumental-laborator tashxis qo‘yishga yuboriladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yuborish va (yoki) mijozga ambulator yoki statsionar sharoitda davolanish chorasi belgilanadi.