Toshkentda Yevroosiyo qit’asida MDHning transport-logistika hamkorligi muhokama qilindi

21-chi Xalqaro “Transport va logistika - TransLogistica Uzbekistan 2025” ko‘rgazmasi doirasida MDH Muvofiqlashtiruvchi transport kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Sputnik
TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Toshkentda MDH Muvofiqlashtiruvchi transport kengashining 45-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiya doirasida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Yevroosiyo qit’asidagi transport va logistika hamkorligi” mavzusida yalpi muhokama tashkil etildi.
Unda Rossiya, O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vazirliklari va idoralari, MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Rossiya transport vazirligining davlat kotibi — vazir o‘rinbosari Dmitriy Zverev onlayn tarzda ishtirokchilarni qutlar ekan, hozirda Rossiyada pilotsiz transport texnologiyalari jadal rivojlanayotganini ma’lum qildi.

“Rossiya MDH a’zo davlatlari bilan bu sohadagi tajribalarini baham ko‘rishga tayyor”, — dedi Zverev.

O‘zbekiston Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov “MDH plyus” formati O‘zbekiston tomonidan o‘zaro to‘ldiruvchilik, texnologik biriktirilish va iqtisodiy suverenitet tamoyillariga asoslangan yagona transport-logistika makonini shakllantirish maydoni sifatida ko‘rilayotganini qayd etdi.

“Transport siyosatlarini muvofiqlashtirish, raqamlashtirish va qo‘shma infratuzilma loyihalari mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini barqaror o‘sish va geoiqtisodiy bardoshlik omiliga aylantirmoqda”, - dedi Omarov.

MDH Ijroiya qo‘mitasi Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Mixail Miskin ham transport sohasining ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning aytishicha, transport mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti o‘sishida eng muhim rol o‘ynaydi.
“MDH Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 8 oyi davomida yuk tashish hajmi 2 foizdan ziyod o‘sdi. Yuk tashish rivojlanishi sanoat ishlab chiqarish, o‘zaro savdo va tashqi savdodan ham yuqori sur’atlarni ko‘rsatmoqda”, — dedi Miskin.
Belarus transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sergey Dubina esa mamlakatning Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘ylab ishga tushirilgan “Uzluksiz tranzit” loyihasini amalga oshirishda manfaatdorligini ma’lum qildi.

“Ushbu loyiha janubiy transport yo‘lagida muvaffaqiyatli ishlamoqda va yagona raqamli makon yaratish orqali yuk tashish jarayonini soddalashtirish imkonini beradi”, - dedi u.

So‘ng majlis yopiq shaklda davom ettirildi. Tadbirlar yigirma birinchi xalqaro “Transport va logistika — TransLogistica Uzbekistan 2025” ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazildi.
Batafsil Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.
Toshkentda Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum ochildi