TOShKENT, 13 noya — Sputnik. O‘zbekistonning 24 ta transport-logistika markazi BMTning “Quruqlik portlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimi”ning xalqaro ro‘yxatiga kiritilib, ularga rasman xalqaro quruqlik porti maqomi berildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Maqom Bangkok shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) huzuridagi Quruqlik portlari bo‘yicha 6-Ishchi guruh yig‘ilishida berildi.
Quruqlik portlari hududlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlandi:
Toshkent shahri — 7 ta
Toshkent viloyati — 4 ta
Farg‘ona viloyati — 3 ta
Surxondaryo viloyati — 3 ta
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 2 ta
Jizzax viloyati — 1 ta
Navoiy viloyati — 1 ta
Samarqand viloyati — 1 ta
Namangan viloyati — 1 ta
Buxoro viloyati — 1 ta
Bu maqom O‘zbekistonga nima beradi?
Xalqaro quruqlik porti maqomi logistika markazlariga quyidagi imkoniyatlarni ochadi:
Xalqaro tranzitga to‘liq qo‘shilish: markazlar konteyner qabul qilish, qayta yuklash, bojxona rasmiylashtiruvi va tranzit hujjatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro standartlarda amalga oshiradi.
Eksport va import tezlashadi: bojxona va sertifikatlashtirish jarayonlari portlar darajasida soddalashtiriladi.
Logistika xarajatlari kamayadi: yuk tashuvchilar va eksportchilar uchun vaqt va mablag‘ tejaladi.
Tranzit daromadlari ortishi mumkin: xorijiy yuk oqimi O‘zbekiston hududi orqali ko‘proq o‘tadi.
Investorlar uchun jozibadorlik oshadi: xalqaro maqomga ega markazlarga logistika kompaniyalari va xorijiy operatorlar kirishi osonlashadi.
Intermodal tashish imkoniyatlari kengayadi: avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘li orqali birlashgan logistika zanjiri yuzaga keladi.