TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Quyida ushbu maqolaning qisqacha varianti bilan tanishishingiz mumkin:
Markaziy Osiyo bugun o‘z taraqqiyotining yangi va tarixiy ahamiyatga ega bosqichiga kirmoqda. Mintaqada o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmatka asoslangan yangi siyosiy muhit shakllanmoqda, deya yozadi davlat rahbari.
So‘nggi yillarda mintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish borasida muhim siljishlar kuzatildi. Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari asosiy muloqot maydoni sifatida mustahkamlanib, strategik masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
Mintaqaviy hamkorlikning eng muhim yutuqlaridan biri — chegara masalalarining hal etilishi va chegaralarning do‘stlik ko‘prigiga aylanishidir. Suv-energetika sohasidagi sheriklik, birgalikdagi GES loyihalari mintaqaning manfaatlarini uyg‘unlashtirmoqda.
Mirziyovning ta’kidlashicha, iqtisodiy sohada ham jiddiy o‘sish kuzatilmoqda: so‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobarga o‘sib, 520 milliard dollarga yetdi; tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ortiq oshib, 253 milliard dollarga yetdi. Bu o‘z navbatida chegaraoldi savdo, transport infratuzilmasi va qo‘shma sanoat loyihalarining faol rivojlanishi bilan bog‘liq.
Gumanitar sohada hamkorlik kuchayib, ta’lim, madaniyat va fan yo‘nalishlarida doimiy muloqot maydonlari shakllandi. Odamlarning erkin harakatlanishi soddalashtirilib, ID-kartalar orqali o‘tish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy Osiyo tashqi siyosatda ham yagona pozitsiyaga ega mintaqaviy subyekt sifatida namoyon bo‘lmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari Rossiya, YeI, Xitoy, AQSh va boshqa sheriklar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Afg‘oniston masalasida hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Transafg‘on temir yo‘li va gumanitar loyihalar mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mintaqaning demografik salohiyati — yoshlar, innovatsiya va inson kapitali — kelgusi taraqqiyotning asosiy drayveriga aylanishi lozim. Hamkorlik suverenitet va teng huquqlilik prinsiplari asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.
Mintaqaviy kun tartibidagi asosiy vazifalar: institutsional hamkorlikni mustahkamlash, xavfsizlik mexanizmlarini kuchaytirish, savdo va investitsiyalarni soddalashtirish, “yashil iqtisodiyot” va ekologik barqarorlik bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, gumanitar dasturlar va ta’lim almashinuvini rivojlantirish, tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
Bugungi Markaziy Osiyo — tinchlikka intilayotgan, barqaror rivojlanish va birgalikdagi taraqqiyotni maqsad qilgan mintaqa. Mamlakatlar devorlar emas, ko‘priklar barpo etmoqda. Maqsad — barcha xalqlar uchun tinchlik va farovonlik makoni bo‘lgan Yangi Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish, deya xulosa qiladi O‘zbekiston yetakchisi.