TOShKENT, 12 noya — Sputnik. 2025 yil 11-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirish, jumladan energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdilar.
“Joriy yil 22-oktabr kuni Moskva viloyatida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi samarali bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 3-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Rossiya Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi hamda uning doirasidagi qo‘shma biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar hamda yaqinda bo‘lib o‘tadigan tadbirlar rejasini muhokama qildilar.