TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida fermer xo‘jaligi rahbari yer bilan bog‘liq jinoyat sodir etish paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, donli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer 3 gektar yer maydonini issiqxona tashkil etish uchun ajratib berishni va’da qilib, Samarqand shahrida yashovchi fuqarodan 300 ming dollar talab qilgan.
U kelishilgan mablag‘ning 20 ming dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan DXX va viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksning 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28 va 211-moddalari (pora berish jinoyatiga dalolatchilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.