TOShKENT, 7 noya – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahridagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Shavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v sammite liderov stran Sentralnoy Azii i SShA v formate "C5+1".
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“S5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish taklif qilindi.
Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish dolzarb ekani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v sammite liderov stran Sentralnoy Azii i SShA v formate "C5+1".
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSh bilan faol ishlashga tayyorligini bildirdi.
Muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qo‘mitani tuzish taklif qilindi.
Mintaqa qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida Mirziyoyev AQShning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish taklifi bilan chiqdi.
Davlat rahbari navbatdagi sammitni Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi.
Prezident Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.