TOShKENT, 5 noya – Sputnik. Samarqandda bo‘lib o‘tgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida 15-dekabr – Butunjahon turkiy tillar kuni sifatida belgilandi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan YuNESKOga a’zo 26 ta davlat hammuallifligida ilgari surilgan.
Ta’kidlanishicha, 15-dekabr sanasining tanlanishi bejiz emas: 1893-yil aynan shu kuni daniyalik tilshunos Vilgelm Tomsen O‘rxun yozuvlari alifbosini o‘qishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qilgan edi. Bu turkiy tillarning ilmiy tadqiqotlardagi yangi bosqichini boshlab bergan muhim voqea hisoblanadi.
YuNESKO qarorida turkiy tillar 200 milliondan ortiq kishi uchun ona tili ekanligi va taxminan 12 million km² hududda tarqalgani qayd etilgan.
Shundan kelib chiqib, turkiy tillarning umuminsoniy madaniyatga qo‘shgan hissasini yanada yoritish va saqlash zarurligi ta’kidlanadi.
Kunni nishonlash doirasida turkiy tillarni ommalashtirishga qaratilgan ko‘rgazmalar, adabiy kechalar, ma’ruzalar, badiiy chiqishlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlar o‘rtasida madaniy va ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga ham xizmat qiladi.