Bosh prokuraturada raqamli prokuror nazorati joriy etiladi

Prezident prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Tekshiruv va monitoringni avtomatlashtirish, tergovga sun’iy intellekt joriy etish vazifalari qo‘yildi
Sputnik
TOShKENT, 3 noya – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda Bosh prokuratura tizimida raqamli prokuror nazoratini joriy etish, tekshiruv va monitoring jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Bu orqali qonunbuzilishlarni erta aniqlash, mas’ul shaxslar faoliyatini real vaqtda kuzatish va nazorat tizimini shaffof hamda samarali qilish imkoni yaratiladi.
Hozirda tergov jarayonlarida yagona baholash tizimi mavjud emas, hisobotlar qo‘lda yuritilmoqda, jinoyat ishlari esa hali ham qog‘oz shaklida saqlanmoqda. Bu esa ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va hisobot tayyorlashga bir haftagacha vaqt sarflanmoqda.
Shu munosabat bilan jinoyat haqidagi xabardan to sud qarori ijrosigacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sun’iy intellektni joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Bu tizim tergov jarayonini tezlashtirish, inson omilini kamaytirish va mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, raqamli jinoyatlarning oldini olish maqsadida sun’iy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali raqamli tahdidlarni oldindan aniqlaydigan va samarali chora ko‘radgan professional kadrlar yetishtirish maqsad qilinadi.
Sudlarda sun’iy intellekt joriy etiladi – bu fuqarolarga qanday foyda beradi?