O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov vafot etdi

Uning "Olovli yo‘llar", "Ketma", "O‘tgan kunlar" kabi filmlarda ijro etgan rollari milliy kino tarixida yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoldi.
Sputnik
TOShKENT, 30 okt – Sputnik. O‘zbekiston xalq artisti, mashhur sahna va kino ustasi Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri ma’lum qildi.
Yoqub Ahmedov 1938-yil 3-yanvarda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1959-yilda Toshkent san’at institutini tamomlab, 1958-yildan boshlab Hamza nomidagi (hozirgi O‘zbekiston Milliy drama teatri) teatrda ijodiy faoliyat boshlagan.
U o‘zining betakror aktorlik mahorati, chuqur psixologik talqini va sahna madaniyati bilan o‘zbek teatr san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Ahmedov yaratgan obrazlar — Ali Qushchi, Murod, Leyster, Hakimboyvachcha, Sakson Nurtoyevich, To‘lagan, Kayhisrav, Ikromjon va, albatta, Alisher Navoiy timsollari orqali tomoshabin qalbida chuqur iz qoldirgan.
Kino san’atida ham u ko‘plab unutilmas rollarni yaratgan. "Furqat", "Qora konsulning halokati", "Olovli yo‘llar", "Ketma", "O‘tgan kunlar" kabi filmlarda ijro etgan rollari milliy kino tarixida yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoldi.
Ustoz aktor o‘z ijodi davomida inson ruhiyati, tafakkur va his-tuyg‘ularining nozik qatlamlarini mahorat bilan ochib berishi, har bir obrazni hayotiy va ta’sirchan talqin etishi bilan ajralib turgan.
Aktor "O‘zbekiston xalq artisti" unvonidan tashqari, "Fidokorona xizmatlari uchun" va "Do‘stlik" ordenlari sohibi.
San’atkorning yorqin xotirasi, ijodiy merosi, o‘zbek teatr va kino tarixidagi o‘rni xalq qalbida abadiy saqlanadi.
O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov vafot etdi