TOShKENT, 30 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) bosh direktori Odri Azuleni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
Mukofot Samarqand shahridagi uchrashuv chog‘ida topshirildi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Odri Azule fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda o‘zbek xalqining boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun bu yuksak mukofotga loyiq ko‘rilgan.
Shavkat Mirziyoyev prinyal generalnogo direktora YuNESKO Odri Azule.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Shuningdek, uchrashuvda YuNESKO bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Xususan, YuNESKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000-yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.
Eslatamiz, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bosh konferensiyaning tarixiy sessiyasi qirq yil ichida birinchi marta YuNESKOning Parijdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda.
Ushbu muhim sessiya doirasida ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan 150 tadan ortiq turli shakldagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.