Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik xavfini kamaytirish uchun 250 mln dollar ajratildi

Dastur muzlik suviga qaram bo‘lgan Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokistondagi aholi uchun suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligida barqaror tizimlar yaratishni maqsad qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 30 okt – Sputnik. Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ) Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning “Muzliklardan fermerlarga” dasturi uchun 250 million dollar ajratdi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘ asosan grantlar shaklida beriladi va kelasi o‘n yilda OTBning 3,25 milliard dollarlik investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Loyihalar samarali sug‘orish, suv omborlari qurilishi va havza boshqaruvini takomillashtirishga yo‘naltirilib, qurg‘oqchilik va toshqinlar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Dastur OTBa a’zo to‘qqizta davlatni — Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oladi. Bu mamlakatlar muzlik suvlariga tayangan holda qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va energetika sohalarida faoliyat yuritadi.
Loyiha Norin va Panj (Markaziy Osiyo), Kura (Janubiy Kavkaz) hamda Svat (Pokiston) daryo havzalarini o‘z ichiga oladi. U 27 million gektar hududni qamrab, 13 millionga yaqin aholiga, jumladan fermerlar va tog‘li hududlardagi zaif aholiga foyda keltiradi.
Shuningdek, dastur doirasida suv tanqisligi va issiqlik ta’siridan jabr ko‘rayotgan aholi uchun ijtimoiy himoya hamda tibbiy yordam dasturlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, ayniqsa ayollar rahbarligidagi qishloq xo‘jaligi faoliyatlarini rivojlantirish uchun mahalliy banklar imkoniyatlari kengaytiriladi.
Iqlim sammiti: O‘zbekiston uglerod neytralligi, tiklanuvchi energiya va ekologiya maqsadlari