TOShKENT, 28 okt – Sputnik. Rossiya Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksey Overchuk Malayziyada Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) doirasida o‘tayotgan 20-Sharqiy Osiyo sammitida nutq so‘zladi.
Quyida uning nutqidagi asosiy fikrlar keltirilgan:
Mintaqa mamlakatlari uchun yangi global xatarlar - resurslarga talab ortib borishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, suvdan foydalanish imkoniyati, tarif to‘siqlar sharoitida hamkorlikni kuchaytirish muhimdir.
Ko‘p qutbli dunyoda yangi o‘sish markazlari - Shimoliy Yevroosiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerika, Xitoy va Hindiston o‘rtasida iqtisodiy muvozanat izlash kerak.
Rossiya ASEAN bilan hamkorlikka hamda Shimoliy Yevroosiyo va YeOII o‘rtasidagi aloqalarni, shu jumladan, YeOII erkin savdo kelishuvlarini mustahkamlashga katta ahamiyat qaratmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik logistikani yaxshilashni taqozo etadi: Rossiya "Sharq-G‘arb" va "Shimol-Janub" yo‘laklarini rivojlantirmoqda, Uzoq Sharq portlari quvvatini kengaytirmoqda, yangi konteyner yo‘nalishlarini yaratmoqda va Shimoliy dengiz yo‘lini rivojlantirish ustida ishlayapti.
Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda yetakchi bo‘lib qolmoqda va global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shmoqda.
Arzon energiyadan foydalanish - taraqqiyotning muhim omili: Rossiya - energiya resurslarining ishonchli yetkazib beruvchisi va atom energetikasida, jumladan, kichik atom elektr stansiyalari loyihalarida yetakchi.
Rossiya Yevroosiyoda va qit’alar o‘rtasida "hamkorlik ko‘priklari"ni qurishga intiladi; Sharqiy Osiyo hamjamiyatining maqsadlari Katta Yevroosiyo sherikligi konsepsiyasi bilan hamohang.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.