TOShKENT, 27 okt – Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yil 1-fevraldan haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktablarda o‘quv dasturining nazariy qismini o‘rganish shartligi bekor qilinadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 25-oktabrdagi qarori bilan belgilandi, deb xabar berdi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX).
“2026 yil 1-fevraldan boshlab A va B toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi, buning uchun avtomaktablarda o‘qish majburiy bo‘lmaydi”, - deyilgan xabarda.
Bunda talabgorlar:
o‘z ixtiyoriga ko‘ra nazariy bilimlarni olish uchun o‘quv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) o‘qiydi yoxud mustaqil tayyorlanadi;
majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarni avtomaktablarda to‘liq bajaradi;
amaliy mashg‘ulotlarda to‘liq qatnashgandan so‘ng haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshiradi;
amaliy mashg‘ulotlardan o‘tgani haqidagi ma’lumotnoma elektron tarzda shakllantiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-fevraldan e’tiboran A va V toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.
3 oy muddat ichida yo‘l harakati qoidalari, transportni boshqarish xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga ko‘maklashuvchi elektron o‘quv materiallari ishlab chiqilishi lozim. Bu materiallar barcha uchun ochiq bo‘ladi.
Qarorga asosan, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslarning transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun o‘qitish va imtihonlarni topshirish bo‘yicha alohida tartib joriy etilishi ham belgilandi. IIV bu tartibni 2 oy ichida ishlab chiqib, hukumatga kiritishi kerak.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan moped va skuterlarni boshqarish uchun A1 kichik toifasi joriy etiladi. Eng asosiysi, A1 toifasini olish uchun avtomaktablarda o‘qish shart emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon topshirish huquqi beriladi.
2026 yil 1-apreldan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘llarda o‘lim holatlarining oldini olish maqsadida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi.