Yangi qurilayotgan turar joy majmualari nomi o‘zbekcha bo‘lishi talab etiladi

Bino pasporti, peshlavhasi, qurilish maydonlari atrofidagi vaqtincha devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar ham davlat tilida bo‘lishi shart.
Sputnik
TOShKENT, 24 okt – Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yildan yangi qurilayotgan turar joy majmualari davlat tili qoidalari va meyorlariga muvofiq nomlanishi shart bo‘ladi. Hukumatning 22-oktabrdagi qarori bilan qurilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qurilish obektlari loyihalari aks etgan bino pasporti, peshlavhasi, qurilish maydonlari atrofidagi vaqtincha devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar, jumladan, reklama va e’lonlar matnlari davlat tilida yoziladi.
Xususan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qurilayotgan turar joy majmualari nomlari davlat tilida bo‘lishi, davlat tili qoidalari va meyorlariga rioya etishi lozim.
Hududiy qurilish inspeksiyalarining obyektlarni qurish va foydalanishga topshirish uchun ruxsatnomalar berishdagi ishtiroki kengayadi. Quruvchilar ularga mualliflik, texnik va ichki nazorat bo‘yicha tegishli hujjatlarni taqdim etishlari shart.
Qolaversa, Oliy sudning E-XSUD elektron tizimi va ekologik ruxsatnomalar berish tizimi "Shaffof qurilish" platformasi hamda Kadastr agentligi tizimi bilan integratsiya qilinadi. Dekabr oxirigacha davlat xizmatlari markazlari va YaIDXPda qurilgan obyektlarni qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish xizmatini ishga tushirish vazifasi topshirilgan.
O‘zbekistondagi vokzal va stansiyalar nomlari davlat tili qoidalariga moslashtiriladi