TOShKENT, 24 okt – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Regulyator bu qarorning iqtisodiy asoslarini izohlab berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sentabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 8 foizgacha pasaydi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasi 6,1 foizga sekinlashib, narxlarni barqarorlashtirishga hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, xizmatlar sohasida inflyatsiya yuqori darajada saqlanmoqda.
Qat’iy pul-kredit sharoitlari va so‘mning mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflyatsiya pasayish tendensiyasiga o‘tdi va sentabrda 7 foizgacha sekinlashdi. Markaziy bankning baholashicha, yil yakuniga qadar inflyatsiya 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Iqtisodiy o‘sish uchinchi chorakda yuqori sur’atlarda davom etdi. Kelgusi chorakda ham bu tendensiya saqlanib, yil yakunida YaIMning real o‘sishi 7–7,5 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilingan.
Aholi daromadlarining oshishi va chakana kreditlash faolligi iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu holat, shuningdek, energiya narxlarining erkinlashtirilishi inflyatsion bosimning ma’lum darajada saqlanib qolishiga olib kelishi mumkin.
Markaziy bank ta’kidlashicha, inflyatsiyaning barqaror pasayishini ta’minlash uchun pul-kredit siyosatidagi nisbatan qat’iy sharoitlar saqlanadi. Bu iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini ta’minlab, kreditlash sur’atlarini muvozanatlashtirishga xizmat qiladi.
Shu asosda boshqaruv asosiy stavkani o‘zgarishsiz — yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.