TOShKENT, 22 okt – Sputnik. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida ombudsman Moskva shahridagi elchixonada O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuv fuqarolar duch kelayotgan muammolarga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etildi.
Unda Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova va uning jamoasi, shuningdek, Rossiyaning Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi tashqi mehnat migratsiyasi, ruxsatnomalar va vizalar bilan ishlash departamenti vakillari ishtirok etdilar.
Muloqot davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy va ijtimoiy yo‘nalishlarda, jumladan, vaqtincha ishlash uchun kelgan shaxslar faoliyati, mehnat shartlari, ro‘yxatdan o‘tish (propiska), maktab ta’limi kabi sohalarda duch kelayotgan masalalar bo‘yicha fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni O‘zbekiston va Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakillar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Unda inson huquqlarini himoya qilish sohasida fuqarolar murojaatlarini birgalikda ko‘rib chiqish, monitoringlar o‘tkazish, migrantlar o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish yo‘nalishlar belgilangan.