MDH prokuraturalari noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bitim imzoladi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida MDH mamlakatlari prokuraturalari noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik bitimini imzoladi
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari bosh prokurorlarining muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, bu hujjat MDHga a’zo davlatlar prokuraturalari tomonidan so‘nggi 15-yil ichida imzolangan birinchi ko‘p tomonlama kelishuv hisoblanadi.

Bosh prokurorlarning ta’kidlashicha, noqonuniy migratsiya milliy va jamoat xavfsizligiga, iqtisodiy barqarorlikka tahdid soladi, terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq guruhlar faoliyati uchun imkoniyat yaratadi, shuningdek, jinoyatchilik vaziyatini murakkablashtiradi.

Rossiya bosh prokurori Aleksandr Gutsanning ta’kidlashicha, “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida davlat rahbarlari mintaqaviy xavfsizlik masalalariga katta e’tibor qaratgan. Bu esa huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga turtki bo‘ldi.
“Biz mamlakatlarimiz yetakchilari belgilagan yo‘ldan borishimiz va zamonaviy jinoiy tahdidlarga samarali qarshi turish uchun kengash salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur”, – dedi Gutsan.
Yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston bosh prokurorlari, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston prokuratura organlari vakillari ishtirok etishdi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning 35-yig‘ilishi boshlanishidan oldin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon yubiley tadbiriga kelgan nazorat idoralari rahbarlarini qabul qildi.
O‘zbekiston va Rossiya fuqarolar huquqlarini nazorat qilishni kuchaytiradi