TOShKENT, 13 okt – Sputnik. Yaponiyada o‘tkazilayotgan "EXPO 2025 Osaka, Kansai, Japan" butunjahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston paviloni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng yuqori mukofot — "Mavzuni eng yaxshi ochib berganlik uchun" nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Biz taqdim etgan "Bilimlar bog‘i: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya" konsepsiyasi an’ana va innovatsiya uyg‘unligini ifoda etdi. G‘oyamiz jahon hamjamiyatida keng ko‘lamli aks-sado berdi. Barchani ruhlantirgan professionallik va ishonch uchun butun jamoaga hamda xalqaro hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman”, — deb yozdi Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida.
Shuningdek, Mirziyoyeva taqdim etilgan konsepsiya an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligini ifoda etganini, hamda bu g‘oya jahon hamjamiyatida keng ko‘lamli aks-sado berganini ta’kidladi.
EXPO 2025 ko‘rgazmasi 13-apreldan 13-oktabrgacha Osaka shahridagi Yumeshima orolida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirning bosh mavzusi — “Kelajak jamiyatini yaratish” (Designing Future Society for Our Lives) bo‘lib, u sog‘lom hayot, inson salohiyatini rivojlantirish va innovatsiya orqali dunyoni birlashtirish g‘oyalarini qamrab oladi.
Ko‘rgazmada 160 tadan ziyod mamlakat ishtirok etmoqda. Tashkilotchilarning baholashicha, EXPO 2025 Yaponiya va Osaka mintaqasi uchun taxminan 13 milliard dollar miqdorida iqtisodiy samara keltiradi.