TOShKENT, 8 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-10 oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu Tojikistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Dushanbe shahrida o‘tadigan "Markaziy Osiyo – Rossiya" formatidagi ikkinchi sammit va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.
“Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va infratuzilma sohalarida kooperatsiya qilish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan”, – deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mamlakatlar yetakchilari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb jihatlarini ham muhokama qiladilar.
Sammitlar yakunida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.