O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘onistonda uglevodorod qazib olishga litsenziya oldi

O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun samara keltiradigan loyiha sifatida amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 6 okt – Sputnik. Afg‘oniston hukumati O‘zbekiston kompaniyalariga o‘z hududida geologiya qidiruv ishlarini olib borish va uglevodorodlarni qazib olishga litsenziya berdi. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.
“Prezidentimiz o‘rnatgan hamkorlik va ishonch natijasida Afg‘oniston hukumati O‘zbekiston kompaniyalariga o‘z hududida geologiya qidiruv ishlari olib borishga va uglevodorodlarni qazib olishga litsenziya berdi. To‘timaydon degan hududda 14-sentabr kuni amaliy ishlar boshlandi”, - dedi vazir “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Mirzamahmudovning so‘zlariga, bu birinchi bosqich. Uning natijalariga qarab hamkorlikni yana kengaytirish ko‘zda tutilgan.
“Bu birinchi bosqich bo‘ladi, albatta, bu natijasiga qarab yanada buni kengaytirish, yangi maydonlarda birgalikda ishlash rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun samara keltiradigan loyiha sifatida amalga oshirish ko‘zda tutilgan”, — dedi energetika vaziri.
Uning qayd etishicha, kelajakda Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi, u yerda iqtisodiyot infratuzilma rivojlanishi ortidan O‘zbekistonga ushbu hududidan dunyo okeaniga eng yaqin chiqish yo‘li ochiladi.
Mirzamahmudov Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik nafaqat O‘zbekiston, balki barcha qo‘shni davlatlarga foyda ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo va logistika qo‘shma korxonasi tashkil etildi