TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi tartibni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan ishlab chiqarilganligiga 50-yil va undan ortiq bo‘lgan avtomototransport vositalaridan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Faqat “antikvar” maqomiga ega avtomobillar bundan mustasno bo‘ladi.
Shuningdek, umumiy og‘irligi 44 tonnadan ortiq yuk tashuvchi transport vositalari hamda ochiq konlarda ishlovchi yuk mashinalari uchun alohida davlat raqami belgisi joriy etish taklif qilinmoqda.
Hujjatda yo‘l xavfsizligini oshirishga qaratilgan qator qo‘shimcha tashabbuslar ham nazarda tutilgan.
Jumladan, har yili mart oyida “Eng namunali yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlangan hudud” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, viloyat va tumanlar kesimida yo‘l infratuzilmasi holati baholanadi va g‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Shu bilan birga, maktab o‘quvchilari va yoshlar o‘rtasida “Yashil chiroq” musobaqalari tashkil etiladi.