O‘zbekiston va ICBA sho‘rlangan yerlarni o‘zlashtirishda hamkorlik qiladi

Qishloq xo‘jaligi vaziri va ICBA rahbariyati sho‘rlangan yerlardan samarali foydalanish hamda qishloq hududlarida barqaror daromad yaratishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni muhokama qildi
Sputnik
TOShKENT, 29 sen – Sputnik. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sho‘rlangan yerlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICBA) bosh direktori Dr. Tarifa Alzaabi bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va ICBA hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv avvalida ICBA bilan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalasi ko‘tarildi.
Shuningdek, “Toshkent va Farg‘ona vodiysida mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi muhokama qilindi. U kam ta’minlangan aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratilgan bo‘lib, dehqon va kichik fermer xo‘jaliklarida daromadli ekin turlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, “Xorazm viloyatida sho‘rlangan tuproqda innovatsion texnologiyalarni joriy etish” loyihasi haqida ham so‘z bordi. Uning maqsadi — murakkab agroiqlim sharoitida samaradorlikni oshirish, tuproq unumdorligini yaxshilash va yuqori qiymatli mahsulot yetishtirish.
Ta’kidlanishicha, sho‘rlangan yerlardan samarali foydalanish, xalqaro tajriba va ilg‘or ilmiy yondashuvlarni joriy etish oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi, qishloq hududlarida barqaror daromad manbalarini kengaytiradi.
Vazir loyihalarning ikki tomonlama manfaatlarini qayd etib, ularni tezkor amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Iordaniya agrar sohada hamkorlikni kengaytiradi