TOShKENT, 25 sen – Sputnik. Toshkent viloyatida bolalarning ovqatdan zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani o‘z rasmiy munosabatida ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir nechta bog‘chalarda bolalarning ovqatdan zaharlanishi qayd etilgani haqida xabar bergan edik. Vaziyat Quyichirchiq tumanida ham kuzatilgan.
"Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 2571-moddasi 1-qismi (Sog‘liq uchun xavfli mahsulot tayyorlash yoki realizatsiya qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan", - deyilgan xabarda.
Dastlabki tergov ishlari boshlangan.
Bolalar ombudsmani ushbu holatni bola manfaatlari nuqtayi nazaridan doimiy kuzatuv ostida saqlashini bildirgan va tergov jarayonlari hamda laboratoriya natijalari bo‘yicha yaqin kunlarda qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, canitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarining oshxonalari tekshirilib, bolalar iste’mol qilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar laboratoriya tahliliga yuborilgani va ayni paytda tergovga qadar tekshiruvlar olib borilayotgani aytilgan edi.