TOShKENT, 25 sen – Sputnik. Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir nechta bog‘chalarida tarbiyalanuvchi bolalar sog‘lig‘ida o‘zgarishlar kuzatilib, ular tibbiy yordamga murojaat qilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, bolalarga “oshqozon-ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, ularga zarur muolajalar ko‘rsatilgan hamda ularning aksariyati shu kunning o‘zida sog‘ayib, uylariga qaytishgan. Og‘ir holatdagi bemorlar qayd etilmagani esa alohida qayd etilmoqda.
Vaziyat maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari boshlangan.
“Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘ining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari, xususan 3,2 foizli kefir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ushbu mahsulot Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlardan birida ishlab chiqarilgani aniqlangan”, - deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, tibbiy yordamga murojaat qilgan bolalardan olingan tahlillar va iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari namunalari hozirda laboratoriya sharoitida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Vazirlik holat yuzasidan yakuniy xulosalar o‘rganishlar asosida belgilanib, mutasaddi idoralar tomonidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishi kutayotgani haqida ham bayon qilgan.