TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Toshkentda 26-sentabrga qadar davom etadigan "ICT Week Uzbekistan 2025" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
50 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etayotgan tadbir dasturidan xalqaro forumlar, sammitlar, konferensiyalar, shuningdek, IT-ta’lim ko‘rgazmasi va Global Startup Awards taqdirlash marosimi o‘rin olgan.
Ekspozitsiya 15 ming kvadrat metrni egallaydi, unda sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va kelajak texnologiyalari sohasidagi zamonaviy yechimlar namoyish etiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT-mutaxassislari soni 2017-yildagi 5 mingdan 2025-yilda 120 minggacha oshganini, 2030-yilga borib ularning soni 300 mingga yetishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
ICT Week Uzbekistan 2025
© Sputnik
"Bizning vazifamiz mamlakat ichida yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish va kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish edi. Bugun biz ushbu yondashuvning natijalarini ko‘rmoqdamiz: mamlakat nafaqat mintaqada, balki dunyoda ham eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biriga aylandi," - dedi vazir.
ICT Week ning eng qiziqarli yangiliklaridan biri — Yandex kompaniyasi taqdimoti. Endilikda ovozli yordamchi Alisa o‘zbek tilida ham ishlaydi. Assistent foydalanuvchi savollariga javob beradi, ob-havo ma’lumotini aytib beradi, aaqlli uy qurilmalarini boshqaradi va bolalar ertaklarini o‘qib beradi.