Radar jarimalarini qo‘llash muddati bir oy bilan cheklanadi — Senat

Senat pirotexnika va radar jarimalariga doir qonunlarni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalar kechikishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

“Yangi tartibga ko‘ra, avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima qo‘llash muddati bir oy bilan cheklanadi. Kam ahamiyatli qoidabuzarliklar bo‘yicha esa ogohlantirish chorasi qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ushbu borada “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, "Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi uch yilda pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanganlar soni ortmoqda:
2022 yilda — 1 997 nafar,
2023 yilda — 1 342 nafar,
2024 yilda — 2 891 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.
Shu bois, pirotexnika vositalarining erkin va cheklangan muomalasini qonuniy asosda belgilash va javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Majlisda, shuningdek, “Valyuta, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasiga oid ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritish” to‘g‘risidagi qonun ham ko‘rib chiqilgan.

Ayni qonunda sohadagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, noqonuniy muomala holatlariga chek qo‘yish va jinoyat javobgarligi choralarini aniqlashtirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda taqiqlangan kontentning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi