Rossiyada mehnat migrantlari uchun patent tizimi bekor qilinishi mumkin

Vladimir Putinga mehnat migrantlari uchun patent tizimini bekor qilish taklif qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning parlament fraksiyalari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida mehnat migrantlari va ularga oid siyosat muhokama qilindi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, “Adolatli Rossiya” partiyasi rahbari Sergey Mironov prezidentga mehnat migrantlari uchun patent tizimini bekor qilish taklifini bergan.

“Patent tizimini bekor qilish kerak. Belarusda hech qanaqa patent yo‘q. Senga chetdan ishchi kuchi kerakligini isbotla, ularni oilasiz olib kel. Ishladi, pul oldi, ketdi. Biz bu patent tizimini albatta bekor qilish kerak deb hisoblaymiz”, - dedi Mironov.

Putin bunga javoban migratsiya masalasi rossiyaliklar uchun muhim mavzu ekanini va hukumat muammoni e’tiborsiz qoldirmasligi lozimligini ta’kidlagan.

“Migrantlar uchun patent tizimini bekor qilishni o‘ylab ko‘rish lozim. Bu tizim keng qo‘llaniladi, men hech narsani inkor qilmayman. Bu fuqarolar uchun juda sezilarli masala, shuning uchun hokimiyat federal hamda mahalliy darajada muammo yo‘qdek o‘zini tutmasligi kerak. Muammolar bor va ularni hal qilish zarur. Agar doimiy e’tibor qaratilmasa, yechim topish mushkul”, – dedi Putin.

Hozirda Rossiyada vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlardan kelgan mehnat migrantlari uchun patent tizimi amal qiladi. Bu ishlash uchun ruxsatnoma bo‘lib, mamlakatga kirgandan so‘ng 30 kun ichida rasmiylashtirilishi kerak.
Patent olish uchun xorijiy fuqarolar yashash joyida ro‘yxatdan o‘tishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, rus tili, tarixi va qonunchiligini bilishini tasdiqlashi, Ichki ishlar vazirligiga hujjatlar topshirishi hamda davlat bojini to‘lashi talab etiladi.
Rossiyaga 2025-yilda kelgan xorijliklarning asosiy qismini o‘zbekistonliklar tashkil qildi