TOShKENT, 18 sen — Sputnik. "Oltoy — turkiy xalqlarning tarixiy vatani" anjumani ishtirokchilari rezolyutsiya qabul qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Hujjatda turkiy xalqlar tarixi, filologiyasi va madaniyatini birgalikda o‘rganish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi alohida ta’kidlangan.
"Shimoliy Yevroosiyo xalqlarini birlashtiruvchi ilmiy-ma’rifiy va madaniy hamkorlikka ko‘maklashish, turkiy xalqlar tarixi, filologiyasi, madaniyati masalalarini birgalikda o‘rganish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, mavjud muloqot maydonlarida ilmiy kuchlarni birlashtirish, shuningdek, turkologiya va oltoyshunoslikni o‘rganish bo‘yicha yangi markazlarni tashkil etish zarurligi qayd etilgan", — deyiladi rezolyutsiyada.
Shuningdek, hujjatda Shimoliy Yevroosiyo davlatlari darsliklarida qo‘shma tarix voqealari bo‘yicha ta’riflarni yaqinlashtirish, qo‘shma tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish zarurligi ko‘rsatilgan.
"Davlatlarimizning birgalikdagi o‘tmishining umumiy qiyofasini saqlab qolish, uni professional ilmiy tadqiqotlar, maktab va oliy o‘quv yurtlari tarix darsliklari asosida ilmiy asoslangan, ziddiyatsiz baholash o‘ta muhim vazifadir", — deyiladi hujjatda.
Ma’lumot uchun: "Oltoy — turkiy xalqlarning tarixiy vatani" anjumani — turkiy xalqlar tarixi, madaniyati va tilshunosligini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman. Ushbu anjuman Rossiyaning Oltoy Respublikasida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon olimlari ishtirok etdi.