Uch oy ichida 60 ming nafardan ziyod haydovchi jarima ballarini oldi

O‘tgan davrda qoidabuzarliklar 58 foizga, yo‘l-transport hodisalari 36 foizga kamaygan.
Sputnik
TOShKENT, 12 sen – Sputnik. O‘zbekistonda uch oy ichida 60 ming nafardan ziyod haydovchi jarima ballarini oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) xabar bermoqda.
Haydovchilarga qo‘llanilgan jarima ballari tahliliga ko‘ra:
5 ballgacha jarima to‘plaganlar — 4 nafar;
4 ballgacha — 14 nafar;
3 ballgacha — 129 nafar;
2 ballgacha — 4976 nafar;
1 ballgacha — 63 974 nafar haydovchini tashkil etgan.
Shu bilan birga 9 million 325 ming nafardan ortiq haydovchi umuman jarima balli olmagan.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan uch oy ichida qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamaygan. Xususan, iyun-avgust oylarida 167 mingta qoidabuzarlik aniqlangan. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan (285 mingta) 58 foizga kam.
Shuningdek, bu davrda haydovchi aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 2024-yildagi 531 tadan joriy yilda 338 tagacha — 36 foizga qisqardi.
Eslatamiz, O‘zbekistonda 1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimi joriy etildi. Jarima ballari faqat YHXX inspektori rasmiylashtirganqarorlar asosida belgilanadi. Shuningdek, foto va videokameralar, radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisobga olinmaydi.
Matbuot markazi
Haydovchilar uchun yangi jarima ballari nega joriy etildi va qanday ishlaydi?