Markaziy bank: inflyatsiya pasaydi, iqtisodiyot o‘sdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida inflyatsiya 8,8% darajasida qayd etildi. Iqtisodiyot yarim yillikda 7,2% ga o‘sdi, transchegaraviy pul o‘tkazmalari esa 12,1 milliard dollarga yetdi
Sputnik
TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Markaziy bankning 2025-yil 11-sentabrdagi matbuot anjumanidagi taqdimotdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yillik umumiy inflyatsiya darajasi avgust oyida 8,8 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya yillik 7,6 foiz darajasida qayd etildi.
Shu oyda iste’mol savati tarkibidagi asosiy 30 ta tovar va xizmatlar bo‘yicha inflyatsiya 14,9 foizni tashkil etdi. Bu ro‘yxatga go‘sht, sut, tuxum, bug‘doy unlari, o‘simlik yog‘lari, shakar, guruch, sabzavot va mevalar, yonilg‘ilar, dori va tozalash vositalari hamda kommunal xizmatlar kiradi.
2025 yilning birinchi yarim yilligida iqtisodiy o‘sish 7,2 foiz darajasida qayd etildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2025-yilning yanvar–avgust oylarida ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni 10,7 foizga, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi esa 24,5 foizga oshdi.
Shu davrda markazlashmagan investitsiyalar hajmi 6,6 foizga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 37 foizga oshdi.
2025 yil 1-sentabr holatiga bank tizimidagi jami depozitlar qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga o‘sib, 262,6 trln so‘mni tashkil etdi. Aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari qoldig‘i 45 foizga oshib, 67 trln so‘mga yetdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi iyul oyidagi yangilangan prognozida kelgusi ikki yil uchun global iqtisodiy o‘sishni oldingi 2,9 foizdan 3,1 foizga ko‘tardi. Savdo kelishuvlari va noaniqliklarning pasayishi hamda ayrim davlatlarda bojlarning kamaytirilishi global inflyatsiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalari — ya’ni xorijdan mablag‘ kirib kelishi va, aksincha, boshqa mamlakatlarga pul yuborish hajmi — joriy yil boshidan 12 milliard 100 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘p.
Oyma-oy ko‘rsatkichlar quyidagicha:
yanvar – 1 mlrd 60 mln dollar;
fevral – 1 mlrd 78 mln dollar;
mart – 1 mlrd 218 mln dollar;
aprel – 1 mlrd 432 mln dollar;
may – 1 mlrd 642 mln dollar;
iyun – 1 mlrd 785 mln dollar;
iyul – 1 mlrd 973 mln dollar;
avgust – 1 mlrd 865 mln dollar.
Aholining valyuta sotuvi va xaridi o‘rtasidagi ijobiy tafovut yanvar–avgust oylarida 5 milliard 600 million AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.
Shu davrda iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga o‘sib, 249 trillion so‘mga yetdi. 2025-yil 1-sentabr holatiga kredit qo‘yilmalari qoldig‘ining yillik o‘sishi 15,6 foizni tashkil etdi va 627 trillion so‘mga yetdi.
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi