TOShKENT, 11 sen — Sputnik. 10 sentabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Vengriya davlat kotibi o‘rinbosari – bosh vazir apparatining siyosiy direktori ofisi rahbari Marton Ugroshdi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Vengriya O‘zbekiston uchun Yevropadagi muhim strategik sherik bo‘lib, mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida ilk bor Vengriya bilan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.
Uchrashuvda “Stipendium Hungaricum” dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi. Tomonlar, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli yo‘nalishlar xamda akademik almashinuvlar tashkil etish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Shuningdek, innovatsion texnologiyalar, sun’iy intellekt va yuqori texnologiya sohalarida qo‘shma tadqiqotlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, texnopark va inkubatorlar faoliyatida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun: “Stipendium Hungaricum” – Vengriya stipendiya dasturi bo‘lib, ta’limning barcha bosqichlarini qamrab oladigan, to‘liq 1–2 semestrlik (almashuv dasturi) grantlardan iborat.