TOShKENT, 8-sen – Sputnik. Rossiya kuchli zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi.Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlikning IL-76 transport samolyoti Moskva yaqinidagi Jukovskiy aeroportidan insonparvarlik yordamining birinchi turkumini olib uchdi.
Gumanitar operatsiya Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ko‘rsatmasi va Rossiya hukumatining topshirig‘iga binoan amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, rossiyalik qutqaruvchilar umumiy og‘irligi 20 tonnaga teng gumanitar yordam yuklarini topshiradi va ular oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston sharqida 31-avgust kuni tun yarmiga yaqin 6 magnitudali zilzila va uning ketidan bir necha aftershoklar sodir bo‘lgan edi. Tabiiy ofat Kunar, Lag‘mon va Nangarhor viloyatlariga katta zarar yetkazib, ko‘plab qishloqlarni vayron qilgan hamda yillar davomidagi mojarolar, qashshoqlik va tabiiy ofatlar tufayli zaiflashgan sog‘liqni saqlash tizimiga og‘ir zarba bergan. Afg‘oniston rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 2205 kishiga yetgan, yana 3640 kishi jarohat olgan edi.