TOShKENT, 3 sen – Sputnik. O‘zbekiston hukumati qarori bilan “Yerosti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlashni ro‘yxatga olish va muhrlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, ushbu davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali ko‘rsatiladi.
Suv hisoblash vositalari bilan jihozlanmagan yerosti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi. Faqat yakka tartibdagi fuqarolar shaxsiy ehtiyojlari uchun sutkasiga 5 kub. metrgacha suvni hisoblagichsiz olishlari mumkin.
Yerosti suv olish inshootlaridan olinayotgan suv hisobini yuritish uchun faqat O‘zbekistonda o‘lchash vositalari davlat reyestriga kiritilgan turlardagi suv hisoblash vositalarining o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Suv hisoblash vositalari nasosli quduqlarda suv chiqishini boshqarish qurilmasidan oldin, favvorali quduqlar va buloqlarda boshqarish qurilmasidan keyin o‘rnatilishi lozim.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Hududiy gidrogeologiya stansiyalari va tuman soliq inspeksiyalari so‘rovnoma yuborilgach, 10 kun muddatda yerosti suv olish inshootlarida o‘rnatilgan suv hisoblash vositalarini ro‘yxatga oladi va muhrlaydi.