TOShKENT, 29 avg – Sputnik. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur shartnomasini imzolash marosimi 28-avgust kuni Dushanbeda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan.
Hujjatni to‘liq amalga oshirish mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash hamda mustahkamlash omillaridan biri ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, shartnoma doirasida Markaziy Osiyo davlatlari quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmalariga oladi:
har qanday nizoli masalalarni faqat tinch yo‘l bilan, muloqot orqali hal qilish;
davlatlararo munosabatlarda kuch ishlatmaslik; shartnoma ishtirokchilariga qarshi yo‘naltirilgan harbiy ittifoqlar yoki bloklarga qo‘shilmaslik hamda bunday harakatlarda ishtirok etmaslik;
ushbu mamlakatlarda istiqomat qilayotgan etnoslarning til, madaniy va diniy o‘ziga xosligini himoya qilish;
tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va yana ko‘plab boshqa bandlarni o‘z ichiga oladi.
Shartnomani 2022-yil 21-iyul kuni Cho‘lponota shahrida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari imzolagan edi. O‘shanda Tojikiston va Turkmaniston o‘z mamlakatlarida ichki davlat tartib-tamoyillarini yakunlash zarurligini aytib, hujjatni imzolamagan edi.