TOShKENT, 27 avg — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) raqobatni buzish holatlarini dastlabki bosqichda hal etish bo‘yicha tahliliy sharhni ko‘rib chiqdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdiyu
Ta’kidlanishicha, hujjat YeIKning ixtisoslashgan bo‘limi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ekspertlari o‘tkazgan tahlil natijalari asosida ishlab chiqilgan. Unda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) raqobat siyosatini yanada samarali tartibga solishga qaratilgan tavsiyalar aks etgan.
Komissiyaning raqobat va monopoliyaga qarshi tartibga solish bo‘limi dunyoning turli huquqiy tizimlarida qo‘llanadigan amaliyotni ham o‘rgandi. Jumladan, ikkita vosita — "majburiyatlarga asoslangan qaror" (commitment) va "kelishuv bitimi" (settlement) ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu mexanizmlar vaqt va resurslarni tejash imkonini beradi hamda raqobatga zid harakatlarning salbiy oqibatlarini tezroq bartaraf etishga yordam beradi. Bu esa nafaqat raqobat organlari, balki tadbirkorlik subyektlari uchun ham foydalidir.
"YeIK va YeOII davlatlari sharhda tilga olingan ogohlantirish vositasini muvaffaqiyatli qo‘llamoqda", — dedi YeIKning raqobat va monopoliyaga qarshi tartibga solish bo‘yicha vaziri Maksim Yermolovich.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Komissiya hozirgacha 26 ta ogohlantirish bergan, ularning 85 foizi bajarilgan. Bu esa YeOIIda raqobatni buzish bilan bog‘liq ishlarni dastlabki bosqichda hal qilish samaradorligini ko‘rsatmoqda.