TOShKENT, 19 avg – Sputnik. Bugun Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, nashriyotlarda bosh muharrirning huquqiy maqomi va unga qo‘yiladigan talablar va mas’uliyatiga oid normalarning yo‘qligi ayrim muammolar keltirib chiqarmoqda.
Xususan, kitoblarda qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid, bolalarning yosh xususiyatlarga mos bo‘lmagan, tarixiy faktlar va tibbiyotga oid kitoblarda noto‘g‘ri ma’lumotlar nashr etilishi, shuningdek, chop etilgan kitoblar davlat standartlari talablariga mos emasligi kuzatilmoqda.
Respublikada faoliyat yuritayotgan 590ta nashriyotdan 248tasida bosh muharrir lavozimi yo‘q.
Ishlab chiqilayotgan yangi qonunda bosh muharrir lavozimiga oliy ma’lumotga ega va noshirlik sohasida kamida uch yil ish tajribasiga ega shaxs tayinlanishi mumkin. Bosh muharrir nashriyotning ijodiy ishlari uchun qonunga muvofiq javobgar hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, qonunning qabul qilinishi kitoblarni milliy standartlarga muvofiq chop etish, qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid ma’lumotlar tarqalishini oldini olish hamda nashriyotlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.