TOShKENT, 12 avg – Sputnik. Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida qariyb 1200 gektar maydonda yangi aeroport qurilishi boshlanishi mumkin. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Hokimlik soatida ma’lum qildi.
Shuningdek, aeroport qurilishi bilan parallel ravishda Bekobod, Bo‘ka, Piskent, Nurafshon va Toshkent tumanlarini bog‘laydigan temir yo‘l liniyasini yotqizish ham rejalashtirilgan. Ishlar 2026-yilda boshlanishi belgilangan.
Avvalroq transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yangi aeroport Toshkent shahridan 17 kilometr janubda qurilishi haqida ma’lum qilgan edi.
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi amaldagi aeroport yiliga 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega, ammo uni kengaytirishning iloji yo‘q.
Yangi aeroport 2030-yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotga xizmat ko‘rsata oladi, soatiga 40 tadan ortiq parvoz va qo‘nishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda birlamchi o‘tkazish quvvati yiliga 20 million nafar yo‘lovchiga yetadi.
Loyihani davlat-xususiy sheriklik modeli asosida amalga oshirish rejalashtirilgan.