Migratsiya va turizm: Oltoy o‘lkasi bilan hamkorlik kengaytiriladi

Uchrashuvlarda migratsiya, madaniyat va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari xususida fikr almashildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg – Sputnik. O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Oltoy o‘lkasi mutasaddilari bilan migratsiya va turizm yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollarini kelishib oldilar. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Barnaul shahrida hudud mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda migratsiya, madaniyat va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari xususida fikr almashildi.
Ma’lum qilinishicha, Oltoy o‘lkasida uch mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vaqtincha istiqomat qilmoqda. Bundan tashqari, Oltoy o‘lkasidagi mehnat migrantlarining 50 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil qiladi.
Rossiya tomoni bilan O‘zbekiston fuqarolarining Oltoy o‘lkasida bo‘lish shartlari va mavjud muammolar batafsil tahlil qilindi.
Bosh konsul Aslam Akbarov ushbu hudud migratsiya organlari Oltoy o‘lkasi iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini hurmat qilishi muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, migratsiya yo‘nalishida samarali muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Uchrashuvlarda madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Shu yil sentabr oyida Oltoy o‘lkasida O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyati taqdimotini o‘tkazish, oktabr oyida esa o‘lka turizm sohasi vakillari uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Oltoy o‘lkasi o‘zbekistonliklarni ishga jalb etmoqchi bo‘lgan sohalarni ma’lum qildi