TOShKENT, 7 avg – Sputnik. Amerika tomonining taklifiga ko‘ra, yaqin kunlarda oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv, ya’ni prezident Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi, dedi Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar sammitni muvofiqlashtirishga kirishdilar, keyingi hafta sammit o‘tkazish uchun mo‘ljal sifatida belgilangan, ammo hozircha tayyorgarlik necha kun davom etishini aytish qiyin. Uchrashuv joyi kelishilgan va u joy keyinroq e’lon qilinadi.
"Oq uy rahbarining maxsus vakili Stiven Uitkoff chorshanba kuni prezidentlar va Vladimir Zelenskiyning uch tomonlama uchrashuvi g‘oyasida ham to‘xtalib o‘tgan edi, biroq Moskva uni munosabatsiz qoldirgan", - deya izohlab o‘tdi prezident yordamchisi.
"Biz birinchi navbatda Tramp bilan ikki tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga e’tibor qaratishni taklif etapmiz va bu uchrashuv muvaffaqiyatli hamda samarali o‘tishini asosiy masala deb hisoblaymiz", - dedi Ushakov.
“Putin va Uitkoff o‘rtasidagi uchrashuv konstruktiv tarzda o‘tdi, Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha keyingi qo‘shma ishlar muhokama qilindi, Rossiya do‘stlari va hamkorlarini uning natijalari haqida xabardor qilib kelmoqda”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Keyinroq, Vladimir Putin BAAni Oq uy rahbari Donald Tramp bilan uchrashuv uchun qulay joy deb atadi.
Uitkoffning Moskvaga tashrifi
Chorshanba kuni Putin Kremlda Amerika vakilini qabul qildi, suhbat uch soatdan ko‘proq vaqt davom etdi. Bu tashrif diplomatning yil boshidan buyon Rossiyaga beshinchi tashrifidir.
Ushakovning aniqlik kiritishicha, Uitkoff orqali ikki davlat rahbarlari bir biriga Ukraina masalasida o‘z pozitsiyalarini yetkazishgan, shuningdek, Moskva va Vashington o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Tramp keiynchalik bayonot berib, uchrashuvda tomonlar katta yutuqlarga erishganini aytib o‘tdi. U muzokaralarni juda sermahsul deb atab, yaqin kunlar va haftalarda jangovar harakatlarni yakunlash ustida ishlash niyatida ekanligini qo‘shimcha qildi.